Silk Avia reyslariga onlayn roʻyxatdan oʻtish imkoniyati paydo boʻldi

Silk Avia reyslariga onlayn roʻyxatdan oʻtish imkoniyati paydo boʻldi

19 iyun 2023
Mintaqaviy aviakompaniya Silk Avia reyslarga onlayn roʻyxatdan oʻtish xizmatini ishga tushirdi. Endi yoʻlovchilar www.silk-avia.com rasmiy saytida roʻyxatdan oʻtishlari mumkin: bu imkoniyat reysning rejalashtirilgan uchish vaqtidan 24 soat oldin ochiladi. Xizmat yoʻlovchilarga bort talonlarini oldindan olish, maqbul oʻrindiqlar va qoʻshimcha xizmatlarni tanlash imkonini beradi. Bu yoʻlovchilarga aeroportda oʻtkaziladigan vaqtni qisqartirish va gavjum soatlarda navbatlardan qochish imkonini beruvchi qulay xizmatdir. Yangi imkoniyatdan foydalanish uchun yoʻlovchi www.silk-avia.com saytidagi “onlayn roʻyxatdan oʻtish” boʻlimiga oʻtishi kerak. Ochilgan oynada aviachipta bron raqami va lotin harflarida familiyani kiritish lozim. Shundan soʻng chipta xarid qilingan reys haqidagi maʼlumot paydo boʻladi. Sahifada qoʻshimcha xizmatlarni ham xarid qilish mumkin boʻladi — bagaj hajmini oshirish, sport anjomlarini qoʻshish, hayvonlarni tashish. Barcha jarayonlarni yakunlagach, yoʻlovchi bort talonini elektron shaklda yuklab olishi mumkin. Aeroportda elektron bort talonini chop etish kerak boʻladi. Buni ikki usulda amalga oshirish mumkin: Oʻzbekistonning barcha aeroportlari terminallarida oʻrnatilgan Reprint apparatlari yordamida mustaqil ravishda yoki roʻyxatdan oʻtkazish peshtaxtasida pasportni koʻrsatib. Taʼkidlash joizki, Silk Avia yoʻlovchilari avvalgidek Oʻzbekistonning barcha aeroportlari terminallarida ham roʻyxatdan oʻtishlari mumkin. Aviakompaniya xizmatlari va tariflari bilan aviakompaniyaning www.silk-avia.com rasmiy saytida yoki +99855 501-22-12 raqami orqali Aloqa markazi operatorlaridan tanishish mumkin.
Ulashish: