0 %

Silk Avia o'zining ilk ko'rgazmali parvozini amalga oshirdi

24 aprel kuni Silk Avia aviakompaniyasi Toshkent-Samarqand-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ATR 72-600 samolyoti bortida o‘zining ilk, tarixiy ko‘rgazmali parvozini amalga oshirdi.

2 May 2023

Yo‘lovchilar ishtirokidagi birinchi reysdan avval aviakompaniyaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi – ertaga aviakompaniya muntazam reyslarni amalga oshirishni boshlaydi. Mahalliy aviaqatnovlar terminalida bo‘lib o‘tgan marosimni “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ra’no Djurayeva ochib berdi.

“Mintaqaviy aviakompaniya Oʻzbekistonda nafaqat aeroportlar tarmogʻini rivojlantirish, balki turizmni rivojlantirish va ishbilarmonlik faolligini ragʻbatlantirish boʻyicha katta mexanizmning asosiy qismi hisoblanadi. Bu ulkan mexanizmni harakatlanishiga imkon beruvchi muhim kichik tafsilot. U hududlarni bir-biriga bog‘lash, yo‘lovchilarni A nuqtadan B nuqtaga o‘z vaqtida, tez va arzon yetkazib berish funksiyalarini o‘z zimmasiga oladi. Buni, masalan, Toshkentdan Urganchga uchib, yo'lda Samarqand yoki Buxoroda to'xtab, yo'lovchilarni qoldirib, olib ketuvchi havo taksisi deb atash mumkin. Biz O‘zbekistonni bog‘lovchi aviakompaniyani yaratdik, bu bilan masofalar qisqaradi, odamlar esa yaqinroq bo‘ladi”, — dedi Uzbekistan Airports rahbari.

Ochilish marosimida O‘zbekiston tabiiy resurslari vaziri Aziz Abduhakimov va O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Jasur Choriyev ham ishtirok etdi. Mehmonlar ichki turizmni rivojlantirish va O‘zbekiston iqtisodiyotini rag‘batlantirish, shuningdek, mamlakatimizning jadal rivojlanayotgan aviatsiya bozorida raqobatni yaratish uchun birinchi mintaqaviy aviakompaniyani ochish muhimligini ta’kidladilar. Aviakompaniyani tabriklash uchun Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov, Fuqarolik aviatsiyasi agentligi direktori Toxir Nazarov, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisining iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Fransua Savier, ATR konserni vakili Dimitri Bursi ham tashrif buyurdi.

Mutasaddilarning tabriklarini taniqli san’atkorlar – Abduhoshim Ismoilov, Zulayho Boyxonova, Nasiba Abdullayeva, Sevara Nazarxon va Farrux Zokirovlar davom ettirdi. Toshkent aeroportida O‘zbekiston va uning marvarid shaharlariga bag‘ishlangan xitlar yangradi. Tantanali marosimdan so‘ng mehmonlar va ommaviy axborot vositalari vakillari Toshkent –   Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha US-131 ko‘rgazmali reysiga yo‘l olishdi.

Samarqandga yetib kelgan samolyot an’anaviy tarzda suv arkasi bilan, ekipaj a’zolari esa karnay va surnay sadolari ostida gullar bilan kutib olindi. Terminalda mehmonlarni bayramona osh kutib turardi. Mehmondorchilikdan soʻng reys yoʻlovchilari US-132 reysi bilan Toshkentga joʻnab ketishdi.

Eslatib o‘tamiz, 20-aprel kuni Silk Avia havo operatori sertifikatini oldi va to‘rt kun davomida ATR instruktorlari tomonidan aviakompaniya ekipajlarini ishga tushirish uchun texnik parvozlarni amalga oshirdi. 25 apreldan boshlab aviakompaniya www.silk-avia.com veb-saytida joylashgan tasdiqlangan jadvalga muvofiq muntazam qatnovlarni boshlaydi.

Foto


Ro'yxatga qaytish