
Silk Avia chiptalar sotuvi boshlanganini e'lon qiladi
O‘zbekistonning birinchi mintaqaviy aviakompaniyasi, Silk Avia joriy yilning 25 aprel kuni o‘zining ilk tijoriy reyslarini amalga oshiradi.
Bugun aviatashuvchining rasmiy www.silk-avia.com saytida hamda aeroportlarda joylashgan kassalarda chiptalar sotuvi boshlandi.
Birinchi reyslar quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:
• Toshkent – Termiz – Toshkent (haftasiga 2 marta);
• Toshkent – Navoiy – Toshkent (haftasiga 2 marta);
• Toshkent – Namangan – Toshkent (haftasiga 4 marta);
• Toshkent – Qarshi – Toshkent (haftasiga 4 marta);
• Toshkent – Buxoro – Urganch – Buxoro – Toshkent (haftasiga 5 marta);
• Toshkent – Samarqand – Urganch – Samarqand – Toshkent (haftasiga 7 marta).
“Bizda uchta samolyot mavjud bo'lsa-da, biz turoperatorlar tomonidan tavsiya etilgan qulay uchish va kelish vaqtlarini ta'minlagan holda uchish jadvaliga eng ommabop yo'nalishlarni kiritmoqdamiz. Biz nafaqat Toshkentni viloyatlar bilan, balki viloyatlarni ham o‘zaro bog‘lashga harakat qildik. Yangi samolyotlar kelishi bilan, jadvallar o'zgaradi va kengayadi. Birinchi bosqichda sotuv davomiyligi bir oy. Birinchi oyda biz real talabni tahlil qilib, tariflarni yanada moslashuvchan qilishimiz kerak. Kelgusida chiptalarni yanada oldinroq — olti oygacha xarid qilish mumkin bo‘ladi”, — deyiladi aviakompaniya matbuot xizmati xabarida.
Birinchi bosqichda parametrlari va narxi bilan farq qiluvchi uchta tarif ishlab chiqildi. Eng qulay, ODDIY tarifi yengil sayohatlar uchun juda mos. Chipta narxi faqat 5 kg og‘irlikdagi qo‘l yukini ko‘zda tutadi (sumka maxsus o‘lchamga sig‘ishi kerak — 40cm30cm20cm) va bagaj, pulni qaytarish va chiptalarni qayta bron qilishni nazarda tutmaydi. OSON tarifi ham “bagajsiz” va budjet tarifidan chipta pulini qaytarish yoki uni boshqa sanaga qayta bron qilish imkoniyati bilan farqlanadi. Ushbu yo'nalishdagi eng qimmat OMAD tarifiga 20 kg gacha bo'lgan bagaj, qayta bron qilish va chiptani qaytarish kiradi. Avval xabar qilinganidek, aviachiptalar narxi 180 000 so‘mdan boshlanadi. Biroq, eng qimmat tarif narxini hisobga olgan holda ham, aviachiptalar narxi boshqa aviakompaniyalarning mavjud tariflaridan 50% gacha arzon.
Ramazon Hayiti bayrami va sotuvlar boshlanishi munosabati bilan Silk Avia katta aksiya e’lon qiladi: 30 aprelga qadar barcha yo‘nalishlarga chiptalar, shu jumladan “qaytariladigan” va “bagajli” chiptalar eng arzon “ODDIY” tarifi narxida — marshrutga qarab 17 evrodan 35 evrogacha sotiladi.
“Bizning vazifamiz odamlarni respublika boʻylab A nuqtadan B nuqtaga tez, ishonchli va arzon tashiydigan kam byudjetli aviakompaniya yaratish edi. Parvozlar vaqti qisqa – bir soatdan ikki soatgacha. Bortda ovqatlanish, ko'rpa-to'shak, yostiq, salfetka va chipta narxini sezilarli darajada oshiradigan boshqa narsalar yo'q. Biz faqat 0,25 litrli plastik qadoqlarda suv tarqatamiz. Buning evaziga aviachipta narxini temir yo‘l transporti narxiga yaqinlashtirishga muvaffaq bo‘ldik”, — deya qo‘shimcha qildi aviatashuvchi matbuot xizmati.
Aviakompaniya tariflari va xizmatlari haqida batafsil maʼlumotni www.silk-avia.com rasmiy veb-saytidan olishingiz yoki +99855 501-22-12 telefon raqami orqali call-markaz operatorlari bilan bogʻlanishingiz mumkin.